Sog‘lom turizm

Опубликовано Barno Ikramova в

Karantin tugab, chegaralar ochilganidan keyin tibbiyot turizmi qay tomonga o‘zgaradi, Sog‘lom turizm sertifikatini olish uchun nima qilish kerak? Ushbu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ANATOMICA mediaresursi uchun maxsus javob berdi


Koronavirus pandemiyasi ta’siridan eng ko‘p zarar ko‘rgan soha turizm sohasi bo‘ldi. Xususan, YUNVTO (Butunjahon sayyohlik tashkiloti)ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda xalqaro sayohatlar soni 89% ga qisqarishi kutilmoqda. Turistik xizmatlar eksportidagi yo‘qotishlar 800 mlrd AQSH dollari atrofida deya baholanmoqda, 74 mln ishchi o‘rni qisqarishi mumkin.

O‘zbekistonda yanvar–may oylari davomida mamlakatga kirib kelgan turistlar soni 1,2 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019-yilgi (2,4 mln.) ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, ikki barobar kam. O‘z navbatida, turistik xizmatlar eksporti hajmi 202,8 mln AQSH dollarini tashkil etdi, bu ko‘rsatkich 2019-yil (467,5 mln AQSH doll.) bilan taqqoslaganda, 2,3 barobar kamdir.

Mutaxassislarning baholashicha, pandemiyadan keyin xalqaro reyslarning tiklanishi xalqaro turizmning tez suratda o‘sishiga olib kelmaydi, bu esa quyidagi sabablarga borib taqaladi:

Psixologik: sog‘liq uchun xavfsirash sayohat qilish istagidan ustun turadi, kasallikni yuqtirish xavfi xorijiy davlatlarga chiqishlar soniga ta’sir o‘tkazadi.

Iqtisodiy: pandemiya davrida odamlar daromadining pasayishi, sayohatlar sonining qisqarishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda turizm sohasining butkul tiklanishi va tezkor rivojlanishi faqat 2021-yilning boshiga borib kuzatilishi tahmin qilinmoqda.

— Tibbiyot turizmining o‘ziga xos yo‘nalishlari nima bo‘ladi?

O‘zbekiston sanator-kurort va sog‘lomlashtirish majmualari faoliyatining rivojlanishi uchun yuqori salohiyatga ega. Bugungi kunda davlatda 24 000 o‘rinli 207 ta sanatoriy faoliyat yuritadi. 52 ta davlat va 155 ta xususiy muassasalar 15 ta shifobahsh chashmasi, nafas yo‘llari uchun foydali maskanlari bor 32 ta ekologik hududda joylashgan.

Karantinga qadar, O‘zbekistonga davolanish va sog‘lomlashish maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni o‘sa boshlagan edi. 2019-yil davomida 55,4 ming xorijiy fuqaroga 60 mlrd so‘m (6,3 mln AQSH dollari) atrofida tibbiy xizmat ko‘rsatilgan – bu 2018-yilgi (48,8 ming odam) xuddi shu davr bilan taqqoslaganda, 106 foizni tashkil etadi. Shuning bilan birga, O‘zbekiston 1 mln atrofida xorijiy fuqaroni jalb qilish salohiyatiga ega bo‘lib, tibbiy xizmatlar eksportini 150 mln AQSH dollarigacha olib chiqishi mumkin.

O‘zbekistonga keladigan asosiy sayyohlar oqimi (92 %) asosan chegaradosh davlatlar va MDH davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Qo‘shni davlatlardan ko‘proq endokrinologiya, dermatologiya, akusherlik va ginekologiya, urologiya, pediatriya va kardiologiya kabi xizmatlarga talab katta. Uzoq xorijiy davlatlardan esa asosan stomatologiya va kosmetik jarrohlik xizmatlari uchun tashrif buyurishadi.

Tibbiyot turizmi bo‘yicha xorijiy sayyohlarning asosiy oqimi qo‘shni davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, turizmning ushbu turini Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

Karantindan keyin aksariyat tor ixtisoslikka ega xorijiy klinikalar tibbiy turistlar oqimining butunlay to‘xtab qolishi oqibatida qiyin ahvolda qoldi.

Shu jumladan, ko‘pchilik klinikalar va sanatoriylar koronavirusga chalingan bemorlar yoki karantinga joylashtirilgan insonlarga xizmat ko‘rsatyapti, bu ushbu muassasalarning boshqa turistlar uchun yopilishiga olib kelyapti. Koronavirus pandemiyasiga qadar, tibbiyot turizmi bozorida taklif talabdan yuqori edi.

Ekspertlarning fikricha, koronavirus shuningdek, tibbiyot turizmi bozorini ham o‘zgartiradi.

Birinchidan, davlatlar orasida mijozlar uchun raqobat kurashi kuchayadi, bu tibbiyot xizmatlariga bo‘lgan narxning bir muncha pasayishidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, mijozlar tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilarni tanlash bobida yanada talabchan bo‘lib boradi, chunki odamlarda xalqaro sayohatlar uchun xavfsirash hissi saqlanib qoladi.

Uchinchidan, klinikalar, tibbiyot turizmi bo‘yicha agentlik va kompaniyalar mijozlar bilan ishlashda yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. O‘zining oliy maqsadi sifatida bemorga maksimal xizmat ko‘rsatish strategiyasini ilgari surgan tashkilotgina mijozlar ishonchini qozona oladi.

Turizm sohasida mavsumiylik tushunchasi o‘zgaradimi?

— Sayyohlik mavsumlari o‘zgarishsiz qoladi. Talab borasida bunday deya olmaymiz. Koronavirus pandemiyasi mavsumiy turizm talabiga o‘zgartirish kiritishi aniq, masalan, sohil bo‘yi va tog‘-chang‘i kurortlari faoliyatiga.

O‘zbekistonda tog‘-chang‘i turizmini rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjud. Bunga shuningdek, yevropalik raqobatchilar bilan bellasha oladigan zamonaviy «Amirsoy» tog‘-chang‘i majmuasining ochilishi ham o‘z hissasini qo‘shadi. Post-pandemiya sharoitlarida va turizmning ushbu turiga qiziquvchi turistlarning to‘lov imkoniyatini hisobga olsak hamda to‘g‘ri marketing strategiyasini yo‘lga qo‘ya olsak, «Amirsoy» Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida talabgir bo‘lgan yapon va koreys tog‘-chang‘i kurortlariga jiddiy raqobatchi bo‘la olishi mumkin.

Koronavirus pandemiyasiga qadar, O‘zbekistonda sayyohlik mavsumi odatda mart oyida boshlanib, oktyabrning oxiri noyabrning boshida tugar edi. Bugun esa tahmin qilishimiz mumkin-ki, shu yilning yoz fasli oxiriga qadar davlatlar orasidagi chegaralar yopiq qoladi va bu mavsumni yo‘qotishimizdan dalolat beradi. Ammo so‘nggi yillarda mamlakatimizda kuzatilayotgan nisbatan iliq qish faslini inobatga olsak, O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus kabi sovuq iqlimga ega davlatlarni o‘ziga jalb qilishi mumkin.

Aynan mana shu ma’noda, O‘zbekiston turizmida mavsumiylikning o‘zgarishi haqida gapirsa bo‘ladi.

Qaysi texnologiyalar karantindan keyin turizmni tiklashga yordam berishi mumkin?

— Nafaqat texnologiyalar, balki puxta o‘ylangan strategiya karantindan keyingi turizmni tiklashga yordam bera oladi. Mazkur vaziyatda O‘zbekistonning umumiy marketing strategiyasi haqida gap ketyapti.

Agar karantinga qadar marketing strategiyasi turistga taklif etiladigan imkoniyatlar va xizmatlarga asoslangan bo‘lsa, karantindan keyin turistlar uchun O‘zbekistondagi epidemiologik ahvolni bilish va mamlakat bo‘ylab xavfsiz sayohat qilish ahamiyatli bo‘ladi.

Turkiyada bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham epidemiya sharoitida sayyohlik ob’ektlarining xavfsizligini belgilovchi maxsus sertifikatlash tizimi standartlari ham ishlab chiqiladimi?

— Ha. Ayni paytda epidemiya sharoitida sayyohlik ob’ektlarining xavfsizligini belgilovchi sertifikatlash bo‘yicha chet el tajribasi o‘rganilmoqda, shu jumladan Turkiyaning sertifikatlash tizimi  – «Sog‘lom turizm sertifikati» ham.

Shuningdek, sayyohlik infratuzilmasi ob’ektlari uchun maxsus standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Sayyohlik sanoatining barcha ob’ektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalari, ovqatlanish punktlari va transport vositalari sanitar-gigiyena me’yorlarini joriy etish standarti bo‘yicha sertifikatlanishi kutilmoqda. Standartlar ishlanmasi iyun oyining oxiriga qadar tugatiladi va undan so‘ng sayyohlik ob’ektlarini sertifikatlash boshlanadi.

Bundan tashqari, 2020-yilning 11-mayida Turizm davlat qo‘mitasi Sanitariya-epidemiologik nazorat tashkiloti bilan hamkorlikda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishga nisbatan qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqdi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, mehmonxona xizmatlari faoliyatini ko‘rsatishga nisbatan qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar belgilandi. Ularga quyidagilar kiradi:

— mehmonxona qabulxonalari, kutish zallari, yo‘laklari, zinapoyalari, liftlari, sanitariya-gigiyena xonalarini har 8 soatda va umumiy foydalanish anjomlari (eshik tutqichlari, lift tugmalari, kutish zalidagi stol, ro‘yxatga olish uchun ustunlari, ruchkalar)ni har 2 soatda dezinfeksiya qilish;

— umumiy foydalanish joylarini (liftlar, sanitariya-gigiyena xonalari, valyuta almashtirish punktlari, restoranlar kabi) antiseptik vositalar bilan uzluksiz ta’minlash hamda qo‘llarni muntazam ravishda tozalash haqidagi ogohlantiruvchi belgilarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida joylashtirishning majburiyligi;

— tana haroratini doimiy ravishda o‘lchash va tashrif buyuruvchilarni binoga kiritishda dezinfeksiya qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish;

— ishchilar va mijozlar sonidan kelib chiqib, shaxsiy himoya vositalarining (niqob, qo‘lqop, antiseptiklar kabi) kamida besh kunlik zahirasini shakllantirish hamda ushbu vositalarning doimiy mavjudligini ta’minlash;

— mehmonxona xodimlarining 50% idan ko‘pi ishlaganda, tibbiyot xodimlarining doimiy faoliyatini ta’minlash;

—  Xonalar bo‘yicha taqsimotda, bir xonada oilali mehmonlarning soni uch kishidan oshib ketmasligi kerak, boshqa mehmonlar kesimida esa ikki kishini tashkil etishi darkor.

Mazkur talablar 10 dan ortiq xonalarga ega mehmonxonalarga nisbatan qo‘llaniladi. Xostellar va mehmon uylari pandemiya sharoitida faoliyat olib borishi mumkin emas. 

O‘zbekiston qaysi oyda o‘z chegaralarini ochishga tayyor bo‘ladi?

— Turizmning koronavirus bilan bog‘liq tangligi – jahon sayyohlik sohasi uchun so‘nggi o‘n yil ichidagi eng og‘ir sinovlardan biri bo‘ldi. Ayni paytda vaziyat og‘ir: butun dunyoda uch milliard odam o‘z uyida infeksiyadan qo‘rqib o‘tiribdi, chegaralar yopiq, vizasiz rejimlar bekor qilingan, samolyotlar uchmayapti, otellar bo‘m-bo‘sh, xodimlari esa ishsiz. Ammo ertami-kechmi pandemiya tugaydi. Jahon karantindan chiqa boshlaydi, aloqalar tiklanadi va sayohatlar uchun cheklovlar olib tashlanadi. Ekspertlar fikriga ko‘ra, turizm 2020-yilning oxiriga borib jonlana boshlaydi.

Ba’zi davlatlar pandemiyaning butkul tugashini kutmayapti va vaziyat yaxshilanishiga qarab chegaralarini ochayapti.

Ammo ba’zi davlatlar kiritgan cheklov muddatlariga rioya etib ham, sayyohlik turizmining butunlay tiklanishini yana oylab kutishimizga to‘g‘ri keladi. Birinchi bo‘lib ichki turizm tiklana boshlaydi. Bozor ishtirokchilari hozircha faqat unga e’tibor qaratishlari kerak – ya’ni yo‘nalishlar, talabni o‘rganish, yangi mahsulotlarni hozirlash darkor.

Qaysi tashkilotlar davlatlarga pandemiyaga qarshi kurash va sayyohlik biznesi sohasida vaziyatni yaxshilashga yordam bera olishi mumkin?

— Bugungi kunda bir qator xalqaro tashkilotlar pandemiyaga qarshi kurashda yordam beryapti. Turizm sohasida YUNVTO, Turizm va sayohatlar bo‘yicha jahon kengashi (WTTC), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi tashkilotlarni  ta’kidlab o‘tish mumkin, ular turizm sohasini tiklash va xavfsiz sayohatlarni ta’minlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib kelmoqda.


15-iyundan boshlab O‘zbekistonda xalqaro aviaqatnovlar tiklanadi (reyslar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi).
Ushbu davlatlarga O‘zbekistondan kirish va chiqish shu jumladan, quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
— davolanish uchun;
— chet elda yaqin qarindoshlari yoki og‘ir bemor qarindoshlari bor bo‘lgan shaxslar uchun.

Рубрики: Полезное

0 комментариев

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *